Ushbu maqolada riteyl aslida qanday ishlashini, daromadga qaysi jarayonlar ta’sir ko‘rsatishini va do‘kon egalari ko‘pincha qanday xatolarga yo‘l qo‘yishini tahlil qilamiz.
Qisqacha mazmuni:

Merchandayzing – bu mahsulotning do‘konda qanday taqdim etilishi, ya’ni uning joylashtirilishi, javondagi o‘rni, narxnomalar va savdo zali bo‘ylab yo‘nalish ko‘rsatkichlaridir. Mahsulotlarning to‘g‘ri joylashtirilishi o‘rtacha chekka bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘z balandligida turgan tovar pastki tokchada yashirilgan tovarga qaraganda 2-3 barobar yaxshi sotiladi.
Agar do‘koningizda merchandayzing yomon bo‘lsa, bu pulingiz xaridor shunchaki payqamayotgan mahsulotda muzlab qolganini anglatadi. Masalan, yangi futbolkalar to‘plamini pastki javonga qo‘ysangiz, uning xaridga aylanish konversiyasi 40% gacha pasayadi. Xaridorlar uning oldiga yetib bormasdanoq chiqib ketadi. Natijada, bir mavsumdan so‘ng omborda likvidsiz mahsulotlar yig‘iladi, kassa uzilishi yuzaga keladi va shoshilinch chegirmalar zararga aylanadi.
Do‘kon egalari merchandayzing go‘zallik uchun qilinadi, deb o‘ylashadi. Aslida esa u pul bilan bog‘liq. O‘lik qoldiqlar (dead stock) deyarli har doim noto‘g‘ri joylashtirishdan boshlanadi.
Franshizing – bu tayyor biznes model, standartlar va ko‘makka ega bo‘lgan begona brend ostida ishlash huquqini sotib olishdir. Yoki aksincha, o‘z nomingizni boshqalarga sotasiz. Franshiza ish boshlashdagi risklarni kamaytiradi, ammo xarajatlarni belgilaydi: royalti, franchayzerdan majburiy xaridlar, marketing to‘lovlari. Marja shartnoma shartlari bilan qat’iy cheklangan bo‘ladi. Agar franshizaga yashirin majburiyatlarni hisoblamasdan kirgan bo‘lsangiz, tushum bo‘yicha plyusda, foyda bo‘yicha esa minusda ishlaysiz. Masalan, tadbirkor mashhur kiyim-kechak brendining franshizasi asosida savdo nuqtasini ochdi. Savdo yaxshi ketayotgan edi, lekin franshizerdan majburiy xaridlar tufayli omborda o‘tmaydigan tovarlar asta-sekin to‘planib qoladi. Natijada ombor to‘lib, kassa bo‘shaydi. Savdo bor, lekin pul yo‘q. Mulkdorlar royaltini ko‘rib, barcha xarajat shundan iborat deb o‘ylashadi. Aslida esa, majburiy assortiment, standartlar bo‘yicha ta’mirlash, markazlashgan narxlar kabi yashirin majburiyatlar ham bor. Ular ko‘pincha komissiyaning o‘zidan ham ko‘proq mablag‘ni yeb qo‘yadi.
Autlet — bu tovarlar odatdagidan arzonroq sotiladigan do‘kon yoki bo‘lim. Masalan, o‘tgan mavsum kolleksiyalari, tovar qoldiqlari, kichik nuqsonli mahsulotlar. Autletning asosiy vazifasi — sotilmay turib qolgan tovardan pulni chiqarib olib, uni qayta aylanmaga kiritish. Agar tovar omborda tursa, demak, pulingiz muzlab yotgan bo‘ladi. Lekin buning ham chegarasi bor. Agar doim chegirma bilan sotsangiz, xaridorlar odatiy narxda xarid qilishdan to‘xtab, faqat chegirmalarni kutishadi. Bu esa asosiy do‘konga zarar yetkazishi mumkin. Masalan, bir kosmetika do‘konlari tarmog‘i Uzum’da autlet bo‘limini ochdi. Bir oy ichida o‘lik yuk bo‘lib yotgan hamma narsani sotib, kassa uzilishini bartaraf etdi va yangi tovarlar uchun omborni bo‘shatdi. Eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan xato — ombor to‘lib-toshib ketganda, vahimaga tushib autlet ochishdir. Bunday paytda do‘kon egasi boshqa chora yo‘q deb o‘ylab, tovarni arzon sotadi. Autlet esa boshqacha ishlaydi: siz tovar o‘lik yukka aylanmasidan oldin nima va qachon arzonlashtirilgan narxda sotuvga chiqarilishini oldindan rejalashtirasiz.
O‘zbekistonning chakana savdo bozori jadal o‘zgarmoqda. Besh yil avval samarali bo‘lgan jismoniy savdo nuqtasi, “og‘zaki reklama” va naqd puldagi hisob-kitoblar bugungi kunda yetarli emas.
Uzum Market bir necha yil ichida mamlakatning asosiy savdo maydonchasiga aylandi. Bugun xaridor avval Uzum yoki OLX’dagi narxni ko‘radi, shundan keyingina do‘konga boradi. Yoki umuman bormaydi-da, tanlovni marketpleys foydasiga hal qiladi.
Klassik chakana savdo uchun bu bitta narsani anglatadi: marketpleys bilan narx borasida raqobatlashish deyarli imkonsiz. Marketpleys bera olmaydigan narsani, masalan, jonli servis, kiyib ko‘rish, tovarni o‘sha zahoti olish imkoniyati va ishonchni taqdim etgan tomon g‘olib chiqadi.
Ko‘plab do‘kon egalari allaqachon ikki yo‘nalishda ishlamoqda: jismoniy nuqta va Uzum dagi karta. Bu qarama-qarshilik emas, balki o‘zbekcha omnikanallikdir.
O‘zbekistonda savdoning katta qismi Telegram kanallari orqali amalga oshiriladi. Mamlakatning ko‘plab hududlarida Instagram-do‘kon yoki Telegram-kanal ko‘pincha to‘laqonli savdo nuqtasi o‘rnini bosadi.
Muammo shundaki, bu turdagi savdoning hisob-kitobi deyarli yuritilmaydi. Tahlil qilinmaydi, tovar qoldiqlari hisoblanmaydi, kim doimiy xaridorga aylanyapti-yu, kim yo‘q – bu haqda tushuncha ham bo‘lmaydi. Do‘kon egasi go‘yoki ko‘r-ko‘rona ishlaydi: aslida daromad ko‘rayaptimi yoki shunchaki pul aylantirayaptimi – o‘zi ham bilmaydi.
O‘zbekistonda naqd pul hali ham qo‘llanadi, biroq o‘z o‘rnini tez yo‘qotmoqda. Click va Payme to‘lov standartiga aylanib ulgurdi. Click foydalanuvchilari soni 20 milliondan oshdi — bu mamlakatdagi har 10 nafar voyaga yetgan aholining 9 nafari deganidir. Payme esa har oy 4,2 milliondan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatadi. Agar do‘koningizda to‘lov uchun terminal yoki QR-kod bo‘lmasa, siz har kuni xaridorlaringizdan ayrilasiz. Mahalliy “Nasiya”, “Imkon” va boshqa servislar orqali muddatli to‘lov taklif qilish alohida savdo vositasiga aylangan. Muddatli to‘lovni yo‘lga qo‘ygan do‘konlar o‘rtacha chekning o‘sganini qayd etishmoqda: xaridor pulni darhol to‘lamagani uchun ko‘proq xarid qiladi. Ko‘p uchraydigan xato shundaki, ko‘plab do‘kon egalari muddatli to‘lov aslida ularga qanchaga tushishini hisobga olmaydi. Vaholanki, uning ortida servis komissiyasi va to‘lovning kechikishi yashirin bo‘ladi — tovar sotilgan, lekin pul hali kassada yo‘q.
Toshkentlik xaridor tanlovga o‘rganib qolgan, narxlarni onlayn solishtiradi va xizmat ko‘rsatish tezligini qadrlaydi. U qulaylik uchun pul to‘lashga tayyor.
Hududlarda esa manzara boshqacha. Bu yerda sotuvchiga bo‘lgan ishonch kuchliroq rol o‘ynaydi, bo‘lib to‘lash muhim, xarid haqidagi qaror esa ko‘pincha yolg‘iz qabul qilinmaydi. Do‘koningizning joylashuviga qarab, bir xil mahsulotni turlicha sotish kerak bo‘ladi.
1-xato. Hisob-kitobni “kallada” yoki daftarda yuritish. Do‘kon kichik ekan, egasi hamma narsani yodda saqlay olaman, deb o‘ylaydi. Biroq ikkinchi sotuvchi yoki ikkinchi savdo nuqtasi paydo bo‘lishi bilan hisob-kitobda tartibsizlik boshlanadi. Omborxonada nima borligini, nima tugayotganini va qaysi mahsulot o‘tmay qolganini hech kim aniq bilmaydi.
2-xato. Xaridlarni “tahminan” qilish. Mahsulotga hissiyotga tayanib buyurtma beriladi: “bu mahsulot yaxshi sotilayotgandek edi”. Raqamlarga qaramagan do‘kon egasi yaxshi sotilayotgan mahsulotni emas, o‘ziga shunday tuyulganini xarid qiladi. Natijada omborda ayrim mahsulotlar keragidan ortiq to‘planib qoladi, boshqalari esa doim yetishmaydi.
3-xato. Xaridorlar haqida ma’lumotning yo‘qligi. Do‘kon o‘z mijozlarini tanimaydi. Masalan, kim birinchi marta keldi, kim doimiy xaridor, kim ko‘p narsa xarid qiladi. Bunday yondashuv bilan xaridorni qaytarish, unga maxsus taklif berish yoki doimiy mijozga aylantirishning iloji yo‘q. Har bir savdoni birinchi va oxirgisi deb hisoblash mumkin.
4-xato. Tushum bilan foydani adashtirish. Do‘kon egasi “kassada pul bo‘lsa, demak, hammasi yaxshi va biznes rivojlanyapti”, deb o‘ylaydi. Ammo, afsuski, bu har doim ham unday emas. U pul aylanmasiga qaraydi-yu, lekin haqiqiy foydani ko‘rmaydi: mahsulot xaridiga, ijara, oylik va chegirmalarga qancha sarflaganini bilmaydi. Biznes katta aylanmaga ega bo‘lishi, ammo shu bilan birga daromad keltirmasligi ham mumkin.
5-xato. Ijtimoiy tarmoqlar orqali “ko‘r-ko‘rona” sotish. Hozirgi kunda Telegram, WhatsApp va Instagram buyurtmalarning asosiy qismini taqdim etmoqda, ammo hech qayerda hisobga olinmayapti. Mahsulot qoldiqlari hisobdan chiqarilmaydi, tahlil yuritilmaydi, mijoz tarixi saqlanmaydi. Bunday savdolar qancha ko‘paysa, do‘kon egasi o‘z biznesini shuncha kam tushunadigan bo‘lib qoladi.
6-xato. Sotuvchilarga to‘liq qaram bo‘lib qolish. Butun hisob-kitob xodimlar zimmasida bo‘ladi, do‘kon egasi esa o‘zi yo‘g‘ida do‘konda nima bo‘layotganini bilmaydi. Kim qancha sotganini, mahsulot qayerga ketganini, kassa nega chiqishmayotganini tekshirish imkonsiz. Bu esa hisob-kitobdagi xatolarga ham, suiste’molchilikka ham zamin yaratadi.
Har bir do‘kon egasi bilishi shart bo‘lgan raqamlar
Agar siz bu ko‘rsatkichlarni hisoblamasangiz, demak do‘konni ko‘r-ko‘rona boshqarayapsiz. Savdo bor, pul aylanayapti, lekin tushunarsiz: o‘sayapsizmi yoki shunchaki barqaror qolayapsizmi.
O‘rtacha chek miqdorini bilish uchun umumiy tushumni cheklar soniga bo‘lish kerak. Chiqqan summa bir xaridor bir marta kelganida qancha pul sarflashini ko‘rsatadi. Agar o‘rtacha chekingiz pasaygan bo‘lsa, demak, nimadir xato ketgan. Yoki mahsulot noto‘g‘ri, yoki gap sotuvchilarda, yoki xaridor ehtiyotkorroq bo‘lib qolgan. Har qanday holatda ham, bu e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydigan signaldir. O‘rtacha chekni oshirish uchun ishni mahsulotlarni to‘g‘ri joylashtirish va sotuvchilarga qo‘shimcha mahsulotlarni taklif qilishni o‘rgatishdan boshlang.
LTV (Customer Lifetime Value) — bu bir mijozning sizdan xarid qilishni boshlaganidan beri amalga oshirgan barcha xaridlari yig‘indisi.
Aynan LTV yangi xaridorni jalb qilish uchun qancha mablag‘ sarflash mumkinligini ko‘rsatadi. Masalan, agar mijoz bir yilda 2 mln so‘m foyda keltirsa, uni jalb etish uchun 200 ming so‘m sarflash oqilona. Agar u bir marta 150 ming so‘mlik xarid qilsa, o‘sha 200 ming so‘m allaqachon zarar degani. Bu raqamni bilmasdan turib, har qanday marketing budjeti — pulni havoga sovurishdir.
Bu ko‘rsatkich tovarning sotilguncha peshtaxtada necha kun turishini bildiradi. Bu muddat qancha qisqa bo‘lsa, shuncha yaxshi. Haftalab «qimirlamaydigan» tovar — biznesga ishlamay qo‘ygan muzlatilgan pul.
Aylanmaning pastligi likvidsiz mahsulotlar ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Likvidsiz mahsulotlar esa — kassa uzilishiga olib boruvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘ldir. Demak, tovar aylanmasini har chorakda bir marta emas, doimiy kuzatib borish lozim.
100 ta xaridordan nechtasi yana qaytib keldi? Mana shu — retention rate (mijozlarni saqlab qolish darajasi). Agar qaytganlar soni 20-30% dan kam bo‘lsa, bu odamlar raqobatchilaringizga ketayotganini anglatadi va nima uchun shunday bo‘layotganini aniqlash kerak.
Loyallik dasturi ushlab turishning asosiy vositalaridan biridir. Doimiy mijozlar uchun bonuslar, shaxsiy chegirmalar, maxsus takliflar ularni yanada sodiqroq qilishga yordam beradi. Lekin bu dastur faqat siz o‘z xaridorlaringizni yaxshi bilganingizdagina ishlaydi: ular kim, nima xarid qilishadi, do‘koningizga qanchalik tez-tez kelishadi. Aniq hisob-kitobsiz loyallik dasturi — shunchaki havoga berilgan chegirmalardir.
Besh yil avval qulay joyda savdo nuqtasini ochish, mahsulotlar olib kelish va sotuvchilarni ishga yollashning o‘zi kifoya edi. Bugungi kunda esa bu kamlik qiladi. Bozor ancha raqobatli, xaridor esa talabchan bo‘lib qoldi. Raqobat endi qo‘shni do‘kon bilangina cheklanmaydi, u butun internetni qamrab olgan.
Onlayn savdo oflaynning bir qismini «yeb qo‘ydi». Xaridor avvalo mahsulot narxini internetdan ko‘radi va shundan keyingina do‘konga borish-bormaslik haqida qaror qiladi. Bunga moslasha olmaganlar o‘z mijozlar oqimini yo‘qotdi.
Ma’lumotlar shaxsiy tajribadan muhimroq bo‘lib qoldi. Ilgari do‘kon egasi assortimentni yoddan bilar va o‘z tajribasiga tayanib qaror qabul qilardi. Hozirda mahsulot aylanmasi, o‘rtacha chek va mijozlarni saqlab qolish ko‘rsatkichini hisoblamaydigan do‘kon hisob-kitob yuritadigan raqobatchisiga yutqazadi.
Xizmat ko‘rsatish tezligi raqobatdosh ustunlikka aylandi. Kassadagi navbatlar, mahsulotni sekin topish, ombor qoldig‘idagi xatoliklar — bularning barchasi xaridorning qaytib kelish-kelmasligiga bevosita ta’sir qiladi.
Chakana savdodagi aksariyat muammolar savdo bilan emas, boshqaruv bilan bog‘liq. Mahsulot bor-u, lekin qanchaligi noma’lum. Xaridorlar bor-u, ammo kim qaytib kelayotgani aniq emas. Daromad bor-u, biroq pullar qayerdaligi tushunarsiz.
Aynan shu o‘rinda avtomatlashtirish yordamga keladi. Bu shunchaki urfda bo‘lgani uchun emas, balki aniq savollarga javob bergani uchun:
Qoldiqlarni real vaqt rejimida nazorat qilish. Siz omborda nima borligini, nima tugayotganini va qaysi mahsulot o‘tmay yotganini doim bilib turasiz. Xarid qilishda qo‘lda sanash va taxmin qilishga hojat qolmaydi.
CRM va mijozlar bazasi. Kim xarid qilayotganini, qanchalik tez-tez qaytib kelayotganini va qancha sarflayotganini ko‘rib turasiz. Bu loyallik dasturi va individual takliflar uchun mustahkam asosdir.
Tezkor kassa. Xatolar kamayadi, navbatlar qisqaradi, bir kunda uriladigan cheklar soni ortadi.
Jadvallarsiz tahlil. O‘rtacha chek, tovar aylanmasi, eng xaridorgir mahsulotlar — barchasi Excel fayllarida emas, bitta ekranning o‘zida jamlangan.
BILLZ kassa, ombor va tahlilni yagona tizimga birlashtiradi. Hatto internetsiz ham ishlaydi, ma’lumotlar esa avtomatik sinxronlashadi. Bir kun ichida ulanish mumkin. Mutaxassislarimiz manzilingizga borib, tizimni ulab beradi hamda siz va xodimlaringizga uni o‘rgatadi.

Ulgurji savdo — bu tovarlarni boshqa bir biznesga katta partiyalarda sotish. Riteyl esa — yakuniy xaridorga donalab sotishdir. Chakana savdoda har bir mahsulotdan olinadigan foyda (marja) yuqoriroq, biroq servis, tovarlarni rastalarga joylash va mijoz bilan ishlash xarajatlari ham ko‘proq bo‘ladi.
Kassa uzilishi — tovarni sotib, foyda ko‘rayotgan bo‘lsangiz ham, joriy xarajatlarga pul yetishmay qolishi holati. Bu ko‘pincha omborda to‘planib, o‘tmay qolgan tovarlar, uzoq muddatli bo‘lib to‘lash yoki o‘z vaqtida amalga oshirilmagan xaridlar tufayli yuzaga keladi.
Tovar va kassa hisobini yuritishdan. Avvalo, omborda nimalar borligini va qancha mahsulot sotilayotganini bilishingiz shart. Qolgan barcha narsalar — tahlil, CRM, sodiqlik dasturlari — ayni shu poydevorga quriladi.
Xaridor avval Uzum yoki OLX’dagi narxni ko‘radi, so‘ng do‘konga borish-bormaslik haqida qaror qiladi. Marketpleys bilan narx borasida raqobatlashish qiyin. Bunda onlayn taklif qilib bo‘lmaydigan imkoniyatlarni: kiyib ko‘rish, jonli servis va tovarni o‘sha zahoti olishni taqdim etgan sotuvchi yutadi.
Retention — bu qayta xarid qilish uchun qaytib kelgan xaridorlar foizi. Mavjud mijozni saqlab qolish yangisini jalb qilishdan arzonroqqa tushadi. Retention ko‘rsatkichining pastligi — mahsulot yoki servisda nimadir noto‘g‘ri ekanligidan dalolat beruvchi signaldir.

Dead stock — bu omborda turib qolgan va sotilmayotgan tovar. U pulingizni muzlatib, kassa uzilishini keltirib chiqaradi. Yechim: ombor to‘lib-toshishini kutmasdan, tovar aylanmasini oldindan nazorat qilish. Autlet, aksiyalar, savdo nuqtalari o‘rtasida tovar almashtirish — bular likvid bo‘lmagan tovarlardan tezda qutulish ning asosiy usullaridir.
Ko‘proq bilishni istaysizmi? Riteyl haqidagi maqolamizni o‘qing yoki Riteyl maktabimizning riteyl-biznesga oid videosini tomosha qiling: